NEWS

Oliy ta’limdagi islohotlarning navbatdagi vazifalari ko‘rib chiqildi

Oliy ta’limdagi islohotlarning navbatdagi vazifalari ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev oliygohlar va korxonalar hamkorligida dual ta’limni tashkil qilish yuzasidan taqdimotlar bilan tanishdi.

Dual ta’limda talabaning oliy ta’lim tashkilotidagi nazariy bilimi korxonadagi amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtiriladi. Bu orqali mehnat bozori talablariga mos, ish jarayonini bevosita biladigan mutaxassislar tayyorlash maqsad qilingan.

Ayni paytda Andijon viloyatida 11 ming nafar talaba 2 mingta korxonada dual ta’lim asosida amaliyot o‘tamoqda. Ushbu tajribani respublika bo‘ylab kengaytirish uchun barcha rektorlarni Andijonga yuborib, amaliyotni joyida o‘rganish vazifasi qo‘yildi.

Kelgusida 3–4-bosqich talabalarining kamida 80 foizini — 185 ming nafar yoshni dual ta’lim bilan qamrab olish rejalashtirilgan. Dastlab muhandislik, ishlab chiqarish, qurilish va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlariga ustuvorlik beriladi.

Yangi modelda oliy ta’lim tashkiloti, korxona va talaba o‘rtasidagi munosabatlar shartnoma asosida yo‘lga qo‘yiladi. O‘quv dasturlari korxonalar ehtiyojiga moslashtirilib, talabaga ish joyida malakali murabbiy biriktiriladi. Talabalarni amaliyotga qabul qilgan va keyinchalik ishga joylashtirgan korxonalarni rag‘batlantirish mexanizmlari ham joriy etiladi.

Shuningdek, Xitoyning Lyaonin pedagogika universitetining Xiva shahridagi filialini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi. Filialda xalqaro xitoy tili ta’limi, xalqaro biznes, turizm boshqaruvi va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanishi rejalashtirilgan.

Ta’lim o‘zbek, xitoy va ingliz tillarida olib boriladi. Filialning mahalliy oliy ta’lim tashkilotlari bilan akademik hamkorligi, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Prezident dual ta’limni hududlardagi korxonalarning aniq kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji bilan bog‘lash, Lyaonin universiteti filialida esa ta’lim sifati va qabul jarayonlarini puxta tashkil etish zarurligini ta’kidladi.